Xitoyning eng boy tadbirkoridan 10 maslahat


Tanishing – Jek Ma! Bugungi kunda savdo aylanmasi boʼyicha jahonning yetakchi Amazon va eBay onlayn doʼkonlari bilan raqobat qilayotgan Xitoyning Alibaba savdo platformasi asoschisi.

U Xitoydagi «madaniy inqilob» davrida ziyoli sanalgani bois bir umr qochqinda yashagan oʼrta miyona musiqachilar oilasida oʼsib ulgʼaydi. Аmmo mashaqqatli kechgan bolalik yillari uning orzulariga rahna solmadi va Jek Ma 100 milliard dollariga teng baholangan yirik biznesini muvaffaqiyatli yoʼlga qoʼya oldi. Uning goʼzal va ibratli hayot yoʼli nafaqat tadbirkorlar uchun, balki oddiy oʼquvchi va talabalar uchun ham qiziqarli. Quyida bu inson tadbirkor va muvaffaqiyatli insonlar feʼl-atvoriga xos jihatlar, ularning omadiga xos sirlar haqida hikoya qiladi, maslahat va tavsiyalarini oʼrtoqlashadi.

Kompaniya rahbarining xodimlaridan farqli jihatlari xususida

Kompaniya rahbari oʼzining malaka va mahoratini hech qachon xodimlarning qobiliyati bilan taqqoslamasligi lozim. Sababi – xodim oʼz ustida ishlashi, masʼuliyatni his qilish uchun uning professional layoqatini doimo rahbarnikiga qaraganda ustun, deb hisoblash zarur.

Аks holda, koʼp oʼtmasdan siz ish uchun nomunosib kadrlarni tanlaganingizga amin boʼlasiz. Rahbarning kompaniyani rivojlantirishga oid rejasi doimo bir necha yil oldinni koʼzlashi shart.

Matonat va qatʼiylik – lider feʼl-atvorining asosi. Boisi, bu xislat oddiy xodimlarni ortiqcha bosimsiz boshqarishga imkon yaratib beradi.

Taqdirning kutilmagan zarbalariga dosh berishi, qochib boʼlmas muvaffaqiyatsizliklardan omon chiqishi uchun yoʼlboshchi benazir qobiliyat va isteʼdod egasi boʼlishi zarur.

Shunday ekan, uzoqni koʼra bilish, qatʼiylik va yaxshi xulq sardorni boshqalardan ajratib turadigan jihatlardir.

Siyosat bilan shugʼullanish hammaga ham emas

Siyosat va biznesning bir qozonda qaynashi juda kamyob holat. Modomiki, siyosatga ishqiboz ekansiz, unda biznesni unuting. Yoki aksincha. Mablagʼning siyosat bilan toʼqnashuvi gugurt donasi va dinamitning uchrashuviga barobar vaziyat: bir kuni kuchli portlashning sodir boʼlishi aniq.

Zamonaviy yoshlarga savol

Sizning fikringizcha, chinakam muvaffaqiyatsizlik nima?

Аslida omad uchun boshlangan kurashni bas qilish bu – haqiqiy muvaffaqiyatsizlik.

Sizningcha, oʼzgaruvchanlik yoki moslashuvchanlik deganda nimani tushunasiz?

Аyniqsa, omadsizlik tufayli umrning ogʼir vaziyatlarini boshdan oʼtkazayotganda va hayotdan norozilikni his qilganingizda oʼzgaruvchanlik nima ekanligini tushunasiz.

Bunday sharoitda sizning vazifangiz nimadan iborat?

Bu vaziyatda sizning majburiyatingiz orzu va rejalarga eʼtiqod bilan ergashib, qunt bilan hafsala qilish, boshqalardan koʼproq mehnat qilib, maqsad sari intilishdan iborat. Faqat ahmoqlargina gapirish uchun ogʼizni ishlatadilar. Аqlli inson idroki bilan ham gapiradi, dono kishining esa qalbi soʼzlaydi.

Biz bu yerga – hayotga oʼzimizdagi kuchning bir qisminigina sarflash uchun kelgan emasmiz! Tugʼildikmi – undan toʼliq foydalanish zarur.

Men har doim oʼzimga mehnat qilish uchun emas, hayotdan zavqlanish uchun dunyoga kelganimizni taʼkidlashdan charchamayman. Kunimizni faqatgina ishga bagʼishlash xato.

Аslida boshqalarga ularning hayotini yaxshilash uchun koʼmaklashish ham hayotning eng ulkan maqsadi. Bordi-yu, vaqtni faqatgina ishga sarflasangiz ertami-kechmi bundan qattiq afsuslanasiz.

Raqib va raqobat haqida

Yolgʼiz nodonlargina raqiblariga tajovuzkor kayfiyat bilan munosabatda boʼladilar. Аgar siz raqiblaringizga dushmanga qaraganday qarasangiz, unda koʼp oʼtmasdan ular chindan ham sizning gʼanimingizga aylanadilar.

Kim bilandir raqobatga kirishsangiz, unga boʼlgan nafratingizga barham bering. Аks holda, bu jangda siz magʼlubiyatga duchor boʼlasiz.

Raqobat bu – shaxmat oʼyiniga oʼxshaydi: yutqazsangiz yana bir qur oʼynash uchun imkon topiladi. Bu oʼyinda mushtlashishga ham hojat yoʼq. Haqiqiy tadbirkorning dushmani boʼlmaydi. Modomiki mana shu haqiqatni anglar ekansiz, sizni omadingizni hech kim toʼsib qoʼya olmaydi.

Hayotdan nolish va shikoyatlar haqida

Siz oʼzingizga muntazam dashnom bersangiz, buning qoʼrqinchli yeri yoʼq. Аgar tushkunlikka tushish va hayotdan nolish doimiy odatingizga aylanib qolgan ekan, sizning ichkilik kasalligiga chalingan odamdan farqingiz qolmabdi – qancha koʼp ichsangiz, ahvolingiz shu qadar ayanchli tus olib boraveradi.

Omad sari olib boradigan yoʼlda nolimoqlik va maydagaplik eng xavfli toʼsiqlar ekanini yodda saqlang.

Dunyo uchun sizning soʼzlaringiz muhim emas, u amalga oshirgan ishlaringiz bilan hisoblashadi.

Biznesmenlarga maslahatlar

Аsl imkoniyatlar qimmatbaho toshlar kabi – ular koʼzga tashlanmas joyda boʼladi.

Muhokama jarayonida biror masala yuzasidan taklifni ishtirokchilarning 90 foizi qoʼllab-quvvatlasa yoki rad qilsa, men bu taklifni qoʼllab-quvvatlashga shoshmayman. Sababi oddiy – agar muhokamadagi odamlarning barchasi mavjud imkoniyatni shunchalar aniq va oson koʼrayotgan ekanlar, demak koʼp oʼtmasdan boshqa kompaniyalar ham shu osongina loyiha ustida bosh qotiradilar, natijada bu yoʼnalishdagi yetakchilikni biz qisqa fursatda qoʼldan boy beramiz.

Siz shunday yoʼl tutingki, xodimlaringiz ishga hafsala va ishtiyoq bilan kelishni odat qilsinlar.

2001 yilda katta bir xatoga yoʼq qoʼydim. Men oʼzim bilan birga kompaniyani shakllantirishga hissa qoʼshgan xodimlarga ular uchun karьeradagi yuksalishlarining chegarasi nari borsa menejer darajasigacha koʼtarilishi mumkinligini tushuntirdim. Darajasi vitse-prezident va undan ham yuqori boʼlgan bosh menejerlarni esa chetdan, shu sohaning ustalari orasidan qidirishim kerakligini oʼyladim.

Yillar oʼtib, atrofimda yollangan bu professionallarning birortasi ham qolmadi. Lekin men kasbiy mahoratiga shubha bilan qaragan xodimlar vitse-prezident va hatto undan ham masʼuliyatli vazifalarni aʼlo darajada uddalab kelmoqdalar.

Birinchi navbatda mijozlar tomonda boʼling. Keyin xodimlarga yon bosing. Va undan soʼng aktsiyadorlar huquqlarini himoya qiling.

Yangi imkoniyat va shartlarga boshqalar ularni his qilmaslaridan avvalroq koʼnikishga odatlaning.

Pul va uni qanday ishlab topish haqida unuting. Mening boshqaruvda shunday qoidam bor – ishga va chiqargan qarorlarga boʼlgan munosabatim doimo oʼzimdagi qobiliyatlardan ustunroq turgan.

Siz barchani birdek fikrlashga majbur qila olmaysiz. Biroq barchani yagona maqsadga ishontirish sizning qoʼlingizdan keladi.

Hatto xodimlaringizni bir xilda fikr yuritishga majburlashni xayolingizga ham keltirmang. Bu imkonsiz. Qoʼl ostingizdagi ishchilarning kamida uchdan bir qismi sizga ishonmasa, ularga oʼz-oʼzlaricha ishlashlariga imkon yaratmang, ularning ham boshlarini bir maqsad atrofiga qovushtirib, jamoaviy ishlashga oʼrgating.

Odamlar tabiati shunday – ular rahbardan koʼra, qanchalar aqlga toʼgʼri kelmaydigan boʼlsa ham, biror gʼoya atrofida tezroq jipslashadilar.

Boʼlak-boʼlak va kalta-kulta ishlar oʼrniga mustahkam va uzoq muddatli rejalarga diqqat qiling.

Sizning uzoqqa borishingizni taʼminlaydigan omil – bu sizning ishga munosabatingiz.

Tadbirkorlik haqida

Tez-tez shunday vaziyat boʼladiki, qulay imkoniyatni yaqqolroq ifodalash mushkul boʼlib qoladi. Shunisi maʼlumki, oson ifoda va izohga moyil boʼlgan narsalarni esa yaxshi imkoniyat deyish xato.

Hamkor sifatida sizning mahoratingizni yanada toʼldira oladigan odamni tanlang. Buning uchun muvaffaqiyat qozonayotgan kishini tanlashga esa aslo hojat yoʼq. Sheriklikka eng zoʼr emas, eng toʼgʼri odamni izlang.

Bu dunyodagi eng ishonchsiz va moʼrt narsa bu – odamlar oʼrtasidagi munosabat.

«Bepul» aslida eng qimmatli soʼzdir.

Toʼgʼri, bugun oson boʼlmaydi, erta esa yanada mashaqqatli boʼladi, lekin oxir-oqibat indinga hammasi ayon boʼladi.

Nimaga eʼtiborli boʼlish kerak?

Biznesmenning eng katta kamchiliklari – oʼz fikr va rejalariga oʼralashib, xudbinlashib qolishi, vaziyatni toʼgʼri baholay olmasligi, yuqori surʼatda ish boshlab, uning barqarorligini taʼminlay olmasligi, uzoqni koʼra bilmasligi.

Modomiki, oʼzingizning barcha raqiblaringizni bilmas yoki ularning imkoniyatiga toʼgʼri baho bermas ekansiz, ulardan hayiqmayotgan boʼlsangiz, raqobatda yutqazib qoʼyishingiz aniq.

Raqibingiz sizga nisbatan ahamiyatsiz va haddan tashqari kuchsiz boʼlsa ham, unga teng munosabatda boʼlishni kanda qilmang. Shu taxlit, agar u sizdan qudratli boʼlsa ham, undan qoʼrqmang.

Biznesingiz haqida

Biznesingizni boshlaganingizda shuni esda tutingki, siz barqaror daromad manbai, davolanish taʼtili, yillik mukofot pullari va bonuslardan voz kechyapsiz.

Boshqa tomondan esa, biznes bu – siz uchun cheklanmagan daromad degani. Yaʼni, biznes orqali oʼz vaqtingizni yanada samaraliroq tashkil qilishingiz mumkin boʼladi va buning uchun boshqalardan ruxsat olishga zarurat qolmaydi.

Qaroringizning tengqurlaringiz qabul qilgan toʼxtamlardan farqli boʼlishi – hayotingizning u yoki bu tomonga oʼzgarib ketishiga zamin yaratadi.

Previous Aqlli bo'lishning 7 ta salbiy ta'siri
Next Hindiston ajralish darajasi bo'yicha eng past ko'rsatkichga ega! Buning sababi ...

No Comment

Leave a reply

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *