Hammasi Shokolad haqida


Ko‘nglingiz g‘ash bo‘lsa, kayfiyatingiz ochilmasa, bir bo‘lak shokolod yeng . Olimlar yomon kayfiyat bilan biror shirinlik iste’mol qilish istagi bir-biriga bevosita bog‘lik deyishadi. Ko‘ngil g‘ash bo’lishiga qarshi kurashda shokolod eng yaxshi vositadir. Aytishlaricha, organizm ayni shu tariqa endorfin zaxirasini to‘ldirar ekan . 

Bozorshunos olimlarning baholashlaricha, yangi yil va xotin-qizlar bayrami kunida odamlar boshqa vaqtdagidan ikki baravar ko‘p shokolad sotib olishar ekan. Chunki organizmning kuzda qish fasliga moslashishi ham, bahorda vitaminlarga ehtiyojning ortishi ham kayfiyat tez o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Shokolad har qanday holatda ham yaxshi sovg‘a va kayfiyatni ko‘tarishning ajoyib vositasidir. U kotiba ayollar-u amaldorlarning, hatto ayolingizning tosh yuraklarini yumshatib yuboradi.
Bu shirinlik xususiyatlarini bayon qilar ekansiz, uni vino tayyorlashga o‘xshatishingiz mumkin, chunki shokolad mevasi uzum boshiga o‘xshaydi. Tropik mamlakatlarda o‘sadigan kakao daraxtining dukkaklaridan shokolad tayyorlanadi. Shokolad navlari ularning xilma-xilligi bilan izohlanadi. Kakao hidi shokolad daraxtlari o‘sadigan Osiyo, Afrika, Amerika iqlimi, tuprog‘i, navi, mintaqasiga bog‘liq. Mutaxassislar Yava, Seylon, Trinidad orollarida terilgan kakao dukkaklarining isi, mazasi o‘ta nozik va xilma-xilligi bilan ajralib turadi, deyishadi. Afrika va Amerika navlaringing hidi o‘tkirroq va mazasi taxirroq. Shokoladning yana bir xususiyati vinoga o‘xshab ketadi: kakao dukkaklarida o‘ziga xos hid hosil bo‘lishi uchun uni 45 daraja haroratda saqlab, bir necha kun achitish kerak bo‘ladi. Vino uchun bir- ikki oy vaqt zarur. Endi erkaklarni ham shokoladxo‘r qiladigan asosiy xususiyatiga kelaylik. Shokoladda qizil vinodagi kabi qon tomirlari devorini torayishdan himoya qiladigan modda (fenol)lar bor. Yarim plitka sutli shokolad va bir bokal qizil vinoda taxminan 210 milligramm fenol mavjud. Shvetsariyalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotlarning natijalari juda ajoyib: spirtli ichimliklar, qahva, tamaki va hatto giyohvand modda kabi shokoladga ham tobe bo‘lib qolish mumkin ekan. Shokoladda miyaga dadillik beruvchi quvvat sifatida ta’sir qiladigan 0,4 foiz teobromin bor. Bu shirinlik giyohvandlik moddalari ro‘yxatiga kiritilmagan. Buning sababi undan to‘liq huzurlanish uchun, olimlarning aytishlaricha, kamida 11 kilogramm shokolad iste’mol qilish zarurligida bo‘lsa kerak.

Shokolad Yevropada


Shokoladni birinchi bo‘lib tatib ko‘rgan yevropalik Amerikani kashf etgan Xristofor Kolumb bo‘lgan. To‘g‘ri, u kakao dukkaklaridan tayyorlangan, tabiatan achchiq ichimlikni ho‘plab ko‘rib, uzoq vaqt tuflab o‘tirgan. Shunga qaramay, kakao dukkaklarini qirol Ferdinandga olib kelgan, ammo u bularga yaxshi e’tibor bermagan. Faqat yuz yildan keyin Yevropada shokolad e’tirof etildi. Bir funt (bir qadoq) shokolad juda qimmat — 10- 15 shilling turar va oliy tabaqa ichimligi hisoblanardi. Kakao dukkaklaridan valyuta sifatida foydalanishgan, 100 dona kakaoga qul sotib olsa bo‘lardi. XIX asr o‘rtasida shvetsariyalik Daniel Piter yanchilgan kakao kukuniga sut aralashtirdi, shu tariqa sutli shokolad hosil bo‘ldi.
Shokoladdan chinakam huzur qilish uchun uning turlarini farqlay bilish kerak. Shokolad sutli, taxir, nimtaxir, oq, g‘ovak li, turli xil masalliqli bo‘ladi. Uning mazasi va hidi kakao moyiga bog‘liq, kakao kukuni esa tusini sutli, taxir, nimtaxir bo‘lishini belgilaydi. Ko‘p odamlar oq shokoladda kakao bo‘lmaydi yoki juda kam bo‘ladi, deb o‘ylashadi , bunay emas.
Uning tarkibida eng qimmat ingrediyent — kakao moyi bo‘ladi, uning tusini belgilaydigan kakao kukuni mutlaqo yo‘q. Oq shokolad tansiq shirinlik hisoblanadi. Sifatli shokoladda kakao moyi ko‘p bo‘lib, qo‘lingizda eriy boshlaydi.
Shokolad sifatini o‘ramdagi ma’lumotdan bilsa bo‘ladi. Sutli shokoladda 30 foizgacha kakao kukuni, 15 foiz kakao moyi, 35 foiz qand va 20 foiz quruq sut bo‘ladi. Nimtaxir shokoladda 50 foiz kakao kukuni, 45 foiz qand, ba’zan 5 foiz kakao moyi bor. Taxir shokoladda 60 foiz kakao kukuni, 40 foiz qand, kam miqdorda kakao moyi bor. Shokolad tarkibiga konservantlar ham qo‘shiladi. Bunday konservantlarning nomi o‘ramida to‘la ko‘rsatilishi lozim. Bu sorbin kislotasi, kalsiy sorbat, sorbitol bo‘lishi mumkin. Sifati past shokolad plitkalarini tayyorlashda shokoladning quyuqligini ta’minlaydigan emulgator letsitindan foydalaniladi. Tarkibida kakao moyi o‘rniga uning o‘rnini bosadigan kungaboqar, zaytun, soya, palma moyi ko‘rsatilgan bo‘lsa — demak, 6u maxsus shirin plitka yoki tort pishirishda foydalaniladigan «shokolad»dir.

Endi bir kunda qancha shokolad iste’mol qilish to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tamiz. Katta yoshdagilar uchun 100 gramm, bolalar uchun yarim plitka. Mutaxassislar 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga shokolad iste’mol qilmaslikni tavsiya etishadi. Homilador ayollarning ham undan tiyilib turgani yaxshi. Shokolad juda to‘yimli mahsulot: 100 grammda 400-550 kilokaloriya mavjud. Tibbiy xodimlar qon bosimi oshadiganlarga shokoladni kam iste’mol qilishni tavsiya etishadi, lekin boshqacha fikrlar ham bor. Masalan, Kaliforniya universitetining olimlari yurak-qon tomir tizimi uchun shokolad foydali, deb hisoblashadi. Shokolad qon tomirlarining torayib, to‘silib qolishidan saqlaydi. Oz-ozdan iste’mol qilinsa, infarktdan saqlaydi va hatto kariyesdan asraydi — tish pastasiga kakao dukkaklaridan tayyorlangan bakteriyaga qarshi ekstrakt qo‘shmoqchi bo‘lishyapti. Bu shirinlikning olimlar aniqlagan yana bir shifobaxsh xususiyati: bir plitka shokolad tarkibidagi protein, kalsiy va boshqa foydali moddalar jihatidan sabzi, olma, apelsin va bananlardan tayyorlangan bir kishilik salatdan ustun turadi. Oq shokolad angina bo‘lganda tomoq og‘rig‘ini kamaytiradi.

Shokolod saqlash muddatini ham unutmaslik kerak. Sutli va taxir shokolad — yarim yil, yong‘oq va mayizli shokolad — 3 oy, oq shokolad faqat bir oy saqlanadi. O‘ramida 25 darajadan oshmagan haroratda saqlanishi aytiladi. Ba’zan plitka ustida kulrang dog‘ paydo bo‘ladi, bu shokolad «qizib» ketganini bildiradi, u zaharlamaydi, lekin ta’mi va ko‘rinishi o‘zgaradi.

Daraxtda o‘sadigan «tilla»

1516 yilda Ispaniya Meksikani bosib oldi. Bu o‘lkada tilla ko‘p degan xayolga borgan fotihlar bozorlarga kirishsa, meksikaliklar savdo-sotiqda tilla pul emas, balki qandaydir daraxtning quritilgan mevasidan tanga sifatida foydalanishar ekan. Har kimning kissasida bir hovuch, ikki hovuch ana shunaqa «meva tanga»lar. Nimaiki xarid qilinadigan bo‘linsa, «urug‘ pul»dan sanab berib, olib ketishaverar ekan.
Ajabo, bu urug‘ning qanday karomati bor , uni hatto tillaga ham almashtirsa bo‘lar ekan. Sinchiklab surishtirishsa, bu o‘ziga xos «tanga»lar Meksika changalzorlarida o‘suvchi shokolad daraxtining mevasi ekan. Odam o‘tib bo‘lmaydigan quyuq o‘rmonzorlarda, qolaversa, ilon va yirtqich hayvonlarning makoniga borib o‘sha daraxtning mevasini terib kelish g‘oyat murakkab bo‘lganligidan ham uni tillaga teng deb bilishar ekan. Fotihlar surishtirib ko‘rishsa , meksikaliklar haligi mevani tuyishar, so‘ng elaki qilib qaynoq suvda choy kabi damlab ichishar, uning nomini «chokoatl», ya’ni «achchiq suv» deb atashar ekan. Agar shu «achchiq suv»ga asal, shakar, vanil qo‘shilsa hozirgi biz yeb yurgan shokoladning mazasini eslatadigan g‘oyat shifobaxsh ichimlik hosil bo‘larkan. Ana shu ichimlikdan ichgan kishining yuziga qon yugurib, uni bardam va baquvvat qilgan, bir zumda charchoqni yozib yuborgan, kishi qanchalik og‘ir ish bajarmasin, baribir o‘zini tetik sezavergan.
Ispaniyalik fotihlar uchun bu narsa juda qo‘l keladi. Bosqinchilarning kattasi Fernando Kortes o‘z qiroliga yozgan maktubida bunday deydi: «Janobi Oliylari! Biz atsteklar mamlakatida daraxtda o‘sadigan tilla topdik, mevasini tuyib asal bilan qaynoq suvga aralashtirib bir stakanini ichib olgan kishi ertadan kechgacha to‘q va bardam yuradi. Biz jangdan oldin askarlaringizga ana shundan ichiryapmiz. Bunda qandaydir ilohiy quvvat borga o‘xshaydi. Bu ichimlikning nomi…!» Fernando Kortes «chokoatl» so‘zini ispancha talaffuzda «shokolade» deb yozib yuborgan. Ana shundan buyon bu daraxt «shokolad daraxti»deb yuritiladi. Atstek tilining bir shevasida «kakaxuatl» deyilar ekan, bundan «kakao» atamasi kelib chiqqan.

O‘zingiz tayyorlasangiz ham bo‘ladi

Buyurtma bo‘yicha ramzli qilib tayyorlangan shokolad hozir urf bo‘lgan eng ardoqlisidir. O‘zingiz tayyorlagan shokoladli ichimlik sevimli rafiqangizga ajoyib sovg‘a bo‘ladi. Ikki kishilik ichimlik quyidagicha tayyorlanadi: bir plitka taxir shokoladni qirg‘ichdan o‘tkazasiz va yarim litr qaynoq sutda eritasiz. Unga vanil, dolchin (koritsa) yoki likyor qo‘shasiz. Aralashtirib qaynash darajasiga yetkazasiz, lekin qaynat maysiz, chinni piyolaga quyib, iching va rohatlaning.

Previous Kayfiyatni ko‘taruvchi gaz
Next QOVOQ SHUNCHALIK FOYDALIMI ?

No Comment

Leave a reply

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *